Tizimga doir navbatdagi muhim vazifalar belgilab olindi


Bugun Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarova boshchiligida tizimda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni oldini  olish, iqtidorli yoshlar bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish, navbatdagi attestatsiya hamda “Mahoratli oʻqituvchi – millat tayanchi: uzluksiz kasbiy rivojlantirishning zamonaviy tendensiyalari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyani oʻtkazish jaranyolariga bagʻishlangan “Vazir soati” boʻlib oʻtdi.

Videokonferensiya shaklida tashkil etilgan tadbirda vazir oʻrinbosarlari, vazirlik masʼullari, hududiy boshqarmalar hamda tizim tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi.
Vazir Hilola Umarova kun tartibidagi masalalarga atroflicha toʻxtalib oʻtar ekan, tizimda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni oldini  olish maqsadida hozirga qadar 6 ta taʼlim xizmatlari elektron platformasi yaratilganligini qayd etdi.
Taʼkidlanganidek, tizimda faoliyat yuritayotgan 207 ming nafardan ortiq xodim “Korrupsiyani oldini olish va unga qarshi kurashish” mavzusida oʻqitilib, malakasi oshirildi. Ushbu yoʻnalishdagi samarali ishlar natijasida vazirlikning 2023-yilgi korrupsiyaga qarshi kurashish ishlari samaradorligi reyting baholash tizimida 82 ball bilan baholandi hamda “yashil” hududga kiritildi.
Tadbirda soha xodimlari oʻrtasida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarga nisbatan murosasiz munosabat boʻlish, korrupsiyaviy holatlarni oldini olish borasidagi targʻibot ishlarini yanada kuchaytirish boʻyicha masʼul xodimlarga zarur topshiriqlar berildi.
Yigʻilishda iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, vazirlik tizimida davlat muassasasi shaklida tashkil etilayotgan Fan olimpiadalari markazining tashkiliy masalalari ham atroflicha muhokama etildi.
Qayd etilganidek, xalqaro va mahalliy fan olimpiadalari natijalarining doimiy statistikasini yuritish, olimpiadalar ishtirokchilarining maʼlumotlar bazasini shakllantirib boradigan elektron platforma hamda buyuk allomalar nomi bilan oʻtkaziladigan xalqaro fan olimpiadalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar joylashtiriladigan maxsus sayt ishga tushiriladi.
Muhokamalar davomida 2025-yilda Oʻzbekistonda oʻtkazilishi kutilayotgan Buyuk Sharq Renessansi xalqaro olimpiadasi, 2026-yilgi 38-xalqaro informatika (IOI) va 58-xalqaro kimyo olimpiadasini (ICHO) oʻtkazish bilan bogʻliq tashkiliy va kelgusida amalga oshirilishi zarur boʻlgan muhim masalalar tilga olib oʻtildi.
Yigʻilishda joriy yilning 29-oktabridan boshlab pedagoglarni navbatdagi attestatsiyadan oʻtkazish jarayonlariga ham toʻxtalinib, bunda 150 mingga yaqin nomzod ishtirok etishi kutilayotganligi qayd etildi.
Malaka sinov imtihonlarini yuqori saviyada tashkil etish hamda ishtirokchi pedagoglar uchun zarur sharoitlarni yaratish boʻyicha vazirlik hamda hududiy boʻlinmalar masʼullariga tegishli vazifalar belgilab berildi.
Tadbirda joriy yilning 14-17-noyabr kunlari Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy institutining 90 yilligi munosabati bilan oʻtkaziladigan “Mahoratli oʻqituvchi – millat tayanchi: uzluksiz kasbiy rivojlantirishning zamonaviy tendensiyalari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaga tayyorgarlik ishlari keng muhokama  etildi.
Qayd etilganidek, ushbu tadbirda nufuzli xalqaro tashkilot rahbari, PISA dasturi asoschisi (OECD) Andreas Shlyayxerning ishtiroki kutilmoqda. Konferensiya oʻz ichiga 1 200 nafar (200 nafar offlayn, 1 000 nafari onlayn hududlardan) ishtirokchini qamrab oladi.
Ushbu xalqaro konferensiyani yuqori saviyada tashkil etish, ilmiy-amaliy ahamiyatga ega maʼruzalar, maqola va tezislar yigʻish hamda konferensiya materiallari toʻplamida nashr etish, taʼlimni boshqarish boʻyicha vakolatli davlat organlari, tizim xodimlari, xorijiy hamkorlar, xalqaro ekspertlar ishtirokini taʼminlash boʻyicha muhim ishlar belgilab olindi.
Yigʻilishda joriy yilning 27-oktabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatligiga oʻtkaziladigan saylov jarayonlarini tashkil etishda tegishli davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan vazifalar boʻyicha ham fikr almashildi.
Taʼkidlanganidek, ushbu siyosiy jarayonga joriy yilda 18 yoshga toʻlib, ilk bor ovoz berish huquqiga ega boʻlgan 8 267 nafar maktab oʻquvchisi ishtirok etadi.
Tadbir soʻnggida vazirlik masʼullari va hududiy boshqarma boshliqlarining kun tartibidagi mavzularga oid hisobotlari tinglandi.