Maktabgacha taʼlimga masʼullar bilan keng masshtabda yigʻilish oʻtkazildi
Muloqotimizda markaziy va hududiy studiyalardan respublikamizdagi 38 mingdan ortiq davlat va nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi. Muloqotda MTTdagi holatlar, muammolar, ularni oldini olish haqida gaplashdik.
Soʻnggi yillarda maktabgacha taʼlim sohasiga berilgan katta eʼtibor natijasida bogʻchalar soni 8 barobarga oshib, 38 mingdan ortdi va bolalarning qamrov darajasi 2017-yildagi 27 foizdan 77 foizga yetkazildi. Tashkil etilgan bogʻchalarning qariyb 7 mingtasi davlat bogʻchasi boʻlsa, qolgan 31 mingdan ortigʻi nodavlat bogʻchalar hisoblanadi. Nodavlat bogʻchalarda hozirda qariyb 1 millionga yaqin bolalarimiz tarbiyalanmoqda.
Afsuski, muammolar ham yoʻq emas. Kunora ijtimoiy tarmoqlarda bogʻchalarda ayrim tarbiyachilar tomonidan bolajonlarga nisbatan ishlatilgan qoʻpollik, tarbiyasizlik holatlari aks etgan videolavha va turli xabarlar tarqatilmoqda. Birgina oʻtgan yilning oʻzida ayni shu masalada vazirlikka yuzlab murojaatlar kelib tushgan. Biz bunday vaziyatlarni tizimli oʻrganib, nazoratga olyapmiz. Aslo befarq emasmiz. Oʻrganishlar natijasida 32 nafar rahbar va tarbiyachi lavozimidan ozod etildi, 3 nafari javobgarlikka tortildi, 15 nafariga intizomiy chora koʻrildi, 15 ta xususiy bogʻchaga berilgan litsenziya bekor qilindi.
Yigʻilishda aytilganidek, bir muhim jihatni unutmaylik: biz kelajagimizni bilimli, dunyoqarashi keng va mustaqil fikrlaydigan yoshlar bilan tasavvur qilamiz. Bola bilan munosabatda boʻlayotgan har bir mutaxassis mana shu masʼuliyatni his qilishi lozim. Har bir bolaning sogʻlom va barkamol voyaga yetishiga davlat kafil! Bu xususiymi, davlat va xususiy sheriklikmi yoki oilaviy bogʻcha boʻladimi, qonun talabi, tartiblar hamma uchun bir!
Taʼlim-tarbiya kuch ishlatishdan holi boʻlishi lozim. Bolalarga nisbatan qoʻpollik qilgan yoki shafqatsizlarcha munosabatda boʻlgan tarbiyachi, pedagogga qonun doirasida chora koʻriladi. Uzr, ogohlantirishlar bilan qutilib qolish yoʻq, bu oʻrinda MTT rahbariyatining shaxsiy javobgarligini ham kuchaytiramiz. Buni tizimda ishlayotgan har bir rahbar, pedagog, tarbiyachi va yordamchi xodimlar birdek tushunishi, shu tartibga rioya etishlari shart!
Yigʻilishda faol rahbarlar tomonidan bildirilgan har bir muammo, takliflarni yozib oldik, muammolarni hal etish, tashabbuslarni amalga oshirish boʻyicha ishni esa allaqachon boshladik. Biz bunday formatdagi uchrashuvlarni yana tashkil etib boramiz. Jamoamiz taklif va muammolarni eshitishga hamisha tayyor.

18.10.2025 / 10:15.Yunusobod tumani MMTB tasarrufidagi umumta'lim maktablarining 6-7-8sinf hamda 9-10sinf o'quvchilar toifasida "JADIDLAR IZIDAN" Respublika tanlovini tuman bosqichidagi taqdirlash jarayonlaridan fotolavhalar

14.10.2025 / 10:32.Yunusobod tumani 499-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotida Kelajak soatidan fotolavhalar

14.10.2025 / 10:25.Yunusobod tumani 260-umumta’lim maktabida Mohir adiba va jurnalist Dilfuza Qarshiboyeva ishtirokida “Ma’rifat ulashib” nomli adabiy-ma’rifiy uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi