Maktabgacha va maktab taʼlimi tizimini korrupsiyadan xoli sohaga aylantirish yuzasidan qilingan ishlar muhokama etildi

Bugun Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining maktab va maktabgacha taʼlim tizimida korrupsiyani oldini olish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokamasiga bagʻishlangan sayyor majlisi boʻlib oʻtdi.
Unda Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva, Kengash a’zolari, Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarova, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov, Senat a’zolari hamda soha masʼul xodimlari ishtirok etdi.
Majlisda taʼkidlanganidek, "Korrupsiyasiz soha" loyihasi boʻyicha maktab va maktabgacha taʼlimi sohasida amalga oshirilayotgan ishlar doirasida qator dasturlar qabul qilindi. Shu bilan birga sohaga oid 79 ta normativ-huquqiy hujjat korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazildi.
Oʻtgan vaqt davomida bir qator davlat xizmatlari elektron shaklda joriy etildi. Jumladan, bolani maktabgacha taʼlim muassasasiga joylashtirish, 1-sinfga qabul qilish, pedagog kadrlarni attestatsiyadan oʻtkazish, litsenziyalash, apostil qoʻyish xizmatlari raqamlashtirildi.
Majlisda taʼlim tizimidagi qator davlat xizmatlari uchun talab etiladigan hujjatlar soni qisqartirilib, jarayonlarning soddalashtirilgani korrupsiya xavfini kamaytirishga qaratilgan ishlarning amaliy samarasi ekanligi qayd etildi.
Ta’lim maskanlari uchun maxsus “Korrupsiyaga qarshi kurashish” oʻquv dasturi ishlab chiqilib, maktab va bogʻchalarda GRACE dasturi doirasida halollik tarbiyasi joriy etilishi muhim ekanligi aytib o‘tildi.
Muhokama doirasida “Halollik vaksinasi” bilan emlangan avlodni voyaga yetkazish taʼlim tizimi oldidagi ustuvor vazifalardan biri ekanligi, buning uchun nafaqat oʻquvchilar, balki oʻqituvchi va tarbiyachilarning ham bu boradagi malakasi doimiy oshirib borilishi lozimligi taʼkidlandi.
Majlis yakunida taʼlim tizimida korrupsiyaga qarshi chora-tadbirlarni yanada kuchaytirish, ishga qabul qilish jarayonlarini toʻliq raqamlashtirish, davlat xaridlari shaffofligini taʼminlash, ichki nazorat tizimini kuchaytirish yuzasidan masʼullarga tegishli vazifalar berildi.

30.05.2025 / 10:09.Yunusobod tumanidagi 5-sonli umumta'lim maktabida “Metodik marafon” tadbiri bo‘lib o‘tdi

24.05.2025 / 11:43.Yunusobod tumanidagi 43-sonli umumta'lim maktabida ham “Ilm – eng buyuk sharaf!” shiori ostida “So'nggi qo'ng'iroq” tadbiri ko'tarinki kayfiyatda o'tkazildi

18.05.2025 / 10:58.Yunusobod tumanidagi 246-maktab ma'muriyati tashabbusi bilan tashkil etilgan “Book Lab” kutubxonasining tantanali ochilishi bo'lib o'tdi