Xorijiy fuqarolar uchun bolalarini maktabga joylashtirish

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirining buyrug‘i

   O‘zbekiston Respublikasi davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga xorijiy fuqarolar tomonidan o‘qishga kirish uchun hujjatlarni taqdim etish va ularni ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga muvofiq amalga oshiriladi 
    [O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2009-yil 5-avgustda 1992-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan]

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 4-avgustdagi “Xorijiy fuqarolarni O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish va o‘qitish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi 169-sonli qarorining (O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlarito‘plami, 2008-y., 31-32-son, 304-modda) ijrosini ta’minlash maqsadida buyuraman:
1. O‘zbekiston Respublikasi davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga xorijiy fuqarolar tomonidan o‘qishga kirish uchun hujjatlarni taqdim etish va ularni ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan boshlab o‘n kundan keyin kuchga kiradi.

Xalq ta’limi vaziri G‘. ShOUMAROV
Toshkent sh., 
2009-yil 6-iyul,
180-son

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi
vazirining 2009-yil 6-iyuldagi 
180-sonli buyrug‘iga 
 ILOVA

   O‘zbekiston Respublikasi davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga xorijiy fuqarolar tomonidan o‘qishga kirish uchun hujjatlarni taqdim etish va ularni ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risidagi Yо‘riqnoma
 
1. Mazkur Yo‘riqnoma O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 4-avgustdagi 169-son “Xorijiy fuqarolarni O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish va o‘qitish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga (bundan buyon matnda maktab deb yuritiladi) xorijiy fuqarolar tomonidan o‘qishga kirish uchun hujjatlarni taqdim etish va ularni ko‘rib chiqish tartibini belgilaydi.
2. Maktablarda xorijiy fuqarolarni o‘qishga qabul qilish va o‘qitish bo‘yicha barcha ishlarni tashkil etish, o‘quv-uslubiy rahbarlik qilish va muvofiqlashtirish O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
3. Maktablarga o‘qishga kirish istagini bildirgan xorijiy fuqarolar mazkur Yo‘riqnoma bilan tanishtirilishi lozim.

II. Xorijiy fuqarolarning hujjatlarini qabul qilish tartibi

4. Xorijiy fuqarolar maktabga o‘qishga kirish uchun quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
bola ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar yoxud notarial tasdiqlangan ishonchnoma orqali belgilangan vakillarning bolani maktabga qabul qilish to‘g‘risidagi arizasi;
o‘rganilgan fanlar va ular bo‘yicha imtihonlarda olingan baholar (ballar) ko‘rsatilgan ma’lumoti haqidagi hujjatlarning asl nusxalari;
sog‘lig‘i to‘g‘risidagi tibbiy xulosa;
“milliy pasport (amaldagi vizasi bilan) yoki identifikatsiyalovchi ID-karta yoxud tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma;
4 x 6 sm hajmdagi 6 dona fotosurat.
5. Hujjatlar xorijiy fuqaro o‘qish istagini bildirgan maktab ma’muriyati qoshidagi qabul komissiyasiga (keyingi o‘rinlarda qabul komissiyasi deb yuritiladi) taqdim etiladi.
6. Qabul komissiyasi xorijiy fuqaro ishtirokida uning til tayyorgarligidan o‘tish masalasini aniqlaydi va tegishli tavsiya beradi.
Maktablarga o‘qishga kirayotgan xorijiy fuqarolar, zarurat bo‘lganda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan belgilanadigan tartibda, o‘qiyotgan joyida til o‘rganish bo‘yicha tayyorgarlik kursini o‘taydilar.
7. Qabul komissiyasi tomonidan maktabda o‘qish istagini bildirgan xorijiy fuqaroning hujjatlari, uni o‘qishga qabul qilish bo‘yicha tuzilgan dalolatnoma hamda u bilan tuziladigan shartnoma (kontrakt) loyihasi tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limiga yuboriladi, shundan so‘ng ular tomonidan hujjatlar jamlanib Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi, viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalariga yuboriladi. 
Vazirlik va idoralar tasarrufidagi maktablarda tashkil etilgan qabul komissiyasi tomonidan hujjatlar tegishli vazirlik va idoralarga yuboriladi.

   III. Xorijiy fuqarolarning hujjatlarini ko‘rib chiqish tartibi

(8-band O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vazirining 2018-yil 26-apreldagi 5-mh-sonli buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 1992-2, 05.05.2018-y.) asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 07.05.2018-y., 10/18/1992-2/1171-son)
9. Xorijiy fuqarolarning hujjatlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi va viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari huzurida tuzilgan xorijiy fuqarolarni maktabga o‘qish uchun qabul qilish bo‘yicha maxsus komissiya (keyingi o‘rinlarda maxsus komissiya deb yuritiladi) tomonidan 10 kunlik muddatda ko‘rib chiqiladi. 
Vazirlik va idoralar tasarrufidagi maktablarda o‘qish istagini bildirgan xorijiy fuqarolarning hujjatlari ushbu vazirlik va idoralar tomonidan 10 kunlik muddatda ko‘rib chiqilib qaror qabul qilinadi.
10. Maxsus komissiya hujjatlarni o‘rganish jarayonida hujjatlarga aniqlik kiritish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi va viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari nomidan tegishli vazirliklar, idoralar va tashkilotlarga so‘rov xatlari yuborish huquqiga ega.
11. Maxsus komissiya o‘rganilgan hujjatlarga asoslanib, xorijiy fuqaroni maktabga qabul qilish yoki qabul qilmaslik to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
12. Maxsus komissiyaning xorijiy fuqaroni maktabga qabul qilish to‘g‘risidagi qarori u bilan shaxsiy shartnoma (kontrakt) tuzish uchun asos bo‘ladi.
13. Maxsus komissiya tomonidan xorijiy fuqaroni maktabga qabul qilish to‘g‘risidagi qaror qabul qilingandan so‘ng, hujjatlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi va viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari tomonidan tegishli maktablarga yuborish uchun tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlariga yuboriladi.
14. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi va viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalarining xorijiy fuqaroni maktabga qabul qilish bo‘yicha yozma ko‘rsatmasiga asosan maktab ma’muriyati xorijiy fuqaroni maktabga qabul qilish yuzasidan o‘z buyrug‘ini chiqaradi hamda xorijiy fuqaro va maktab o‘rtasida o‘qish bo‘yicha shaxsiy shartnoma (kontrakt) tuzadi.

   IV. Yakuniy qoidalar

 15. Mazkur Yo‘riqnoma talablarining buzilishida aybdor shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
16. Mazkur Yo‘riqnoma O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri A. PARPIYEV
Ichki ishlar vaziri B. MATLYUBOV
Tashqi ishlar vaziri N. NOROV
Sog‘liqni saqlash vaziri A. IKRAMOV

Toshkent sh.,
2009-yil 10-iyun