Maktab ta’limi va infratuzilmasini yaxshilash borasida muhokama bo’lib o’tdi

3-iyul kuni Toshkent shahar hokimligida shahar hokimi Shavkat Umurzakov boshchiligida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda hokim o‘rinbosari D.Rahimova, Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi markazi rahbariyati, poytaxtimizdagi umumta’lim va xususiy maktablar rahbarlari va metodistlari ishtirok etdi.
Ishtirokchilar maktab muassasalarida to‘g‘ri va xavfsiz ovqatlanishni ta’minlash zarurligini muhokama qildilar.
Shuningdek, shahar maktablarida ta’lim sifatini oshirish zarurligiga e’tibor qaratildi. O‘qitishning zamonaviy metodikalari, pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va innovatsion ta’lim texnologiyalarini joriy etish masalalari ko’rib chiqildi.

Uchrashuvda ko’rilgan yana bir muhim mavzu – maktab infratuzilmasini yaxshilash masalalari muhokama qilindi. Maktablarni kapital ta’mirlash va yangi o‘quv binolarini qurish, zamonaviy uskunalar bilan jihozlash, o‘quvchi va pedagoglar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish rejalari haqida so’z yuritildi.

Shavkat Umurzakov zamonaviy avlod tarbiyasi va ta’limining muhimligini aytib, bu jihatlar shahar va umuman mamlakat kelajagining asosi ekanini ta’kidladi. Shuningdek, u belgilangan maqsadlarga erishish uchun xususiy va davlat maktablari hamda mahalliy hokimiyat organlari o‘rtasida yaqin hamkorlik qilish zarurligiga e’tibor qaratdi.

Uchrashuv harakatlar rejasini shakllantirish va yaqin istiqboldagi ustuvor vazifalarni belgilab olish bilan yakunlandi. Toshkent shahar hokimi qo’shma sa’y-harakatlar bilan ta’lim tizimida sezilarli yaxshilanishlarga erishish va o‘sib kelayotgan avlodning rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish mumkinligiga ishonch bildirdi.