Yaqinda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev kasbiy ta’lim tizimida islohotlarni amalga oshirishga doir muhim Farmon va Qarorni imzolagan edi


Davlatimiz rahbari tizim oldiga kasb egallashning zamonaviy texnologiyalarini va xalqaro ilg‘or tajribalarni hamda ularni milliy kasbiy ta’lim tizimiga tatbiq qilish imkoniyatlarini o‘rganish, xalqaro ta’lim dasturlari asosida kasbiy ta’lim dasturlarini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish kabi vazifalarni qo‘ygan edi.

Poytaxtimizda o‘tkazilgan Ikkinchi Xitoy-O‘zbekiston ta’lim forumi va uning doirasida tashkil etilgan O‘zbekiston–Xitoy kasbiy ta’lim alyansining birinchi yig‘ilishini ayni shu vazifalarni bajarish yo‘lidagi navbatdagi qadam deyish mumkin.

Forumda Xitoyning turli oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari hamda kasb-hunar markazlari vakillari, O‘zbekistondan 160 dan ortiq ta’lim tashkilotlari vakillari qatnashdi. 

Bugungi kunda respublikamizdagi 598 ta texnikumlarda 370 ta kasb bo‘yicha 442 mingdan ortiq o‘quvchilar ta’lim olmoqda. Shuningdek, 47 ta texnikumlarda Buyuk Britaniyaning “Pearson”, Saudiya Arabistonining “ACWA Power”, Shveysariyaning “Globogate”, Germaniyaning “Avestos”, hamda “BSW” kompaniyalari bilan hamkorlikda xalqaro ta’lim dasturlari asosida kadrlar tayyorlanmoqda.  

Eng yirik xalqaro hamkorlarimizdan biri Xitoy Xalq Respublikasi bilan ham aloqalarimiz yildan-yilga kengayib bormoqda. Hozirda yurtimizda Xitoyning BYD, Huawei, ZTE kabi yirik kompaniyalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular uchun zarur bo‘lgan o‘rta bo‘g‘in mutaxassislarini tayyorlash va ushbu jarayonni ish beruvchilar bilan hamkorlikda tashkil etishdan har ikki tomon ham manfaatdor.

Ma’lumot uchun: 2024-yilda tashkil etilgan O‘zbekiston-Xitoy kasbiy ta’lim alyansiga O‘zbekistondan 23 ta texnikum va Xitoydan 128 ta kollej va 9 ta kompaniyalar a’zolikka qabul qilingan.

Shuningdek, respublikamizdagi har bir viloyatda 2 tadan “O‘zbekiston – Xitoy ustaxonasi”ni tashkil qilish maqsadida jami 28 ta texnikum tanlandi va hozirda hamkorlik ishlari boshlangan.