“Yangi avlod” MTTlari tarmogʻi, ustama, soliq imtiyozlari. Prezidentimiz maktabgacha taʼlim tizimiga oid farmonni imzoladi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Maktabgacha taʼlim va tarbiya tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi. Unga koʻra:

➖ bir yillik maktabga tayyorlov guruhlarining taʼlim dasturi majburiy umumiy oʻrta taʼlimning dastlabki bosqichi sifatida kiritiladi;

➖ maktabgacha taʼlim tizimida oʻyinga asoslangan taʼlim joriy etiladi;

➖ tarkibida Bolalarni rivojlantirish innovatsion markazini oʻz ichiga olgan “Yangi avlod” maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarmogʻi tashkil etiladi;

➖ bir yillik maktabga tayyorlov guruhlarining taʼlim dasturlari maktabgacha taʼlim tashkilotlari, umumtaʼlim maktablari va boshqa ijtimoiy soha obyektlarida toʻliq yoki qisqa muddatli guruhlarda amalga oshiriladi;

➖ maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim xizmatlarini koʻrsatuvchi nodavlat taʼlim tashkilotlariga bir yillik maktabga tayyorlov guruhlarini tashkil etishga ruxsat beriladi;

2027-2028-oʻquv yilidan boshlab:

➖ maktabga tayyorlov guruhlarining taʼlim jarayonlari oliy maʼlumotli pedagoglar, shuningdek, oliy taʼlim tashkilotlarining bitiruvchi bosqich talabalari tomonidan olib boriladi; 

➖ maktabga tayyorlov guruhlarida taʼlim-tarbiya olgan bolalarga bir yillik maktabga tayyorlovdan oʻtganlik toʻgʻrisida davlat namunasidagi elektron sertifikat beriladi hamda ushbu maʼlumotlar umumiy oʻrta taʼlim toʻgʻrisidagi shahodatnomada qayd etiladi;

2026–2028-yillarda:

➖ Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida bittadan davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti sifatida faoliyat olib boruvchi “Yangi avlod” maktabgacha taʼlim tashkiloti tashkil etiladi;

➖ “Yangi avlod” maktabgacha taʼlim tashkiloti rahbar, pedagog  boshqa xodimlarining tarif stavkasiga nisbatan 20 foiz miqdorida har oylik qoʻshimcha ustama joriy etiladi;

2026-2027 oʻquv yilidan boshlab:

➖ pedagogika oliy taʼlim tashkilotlarida maktabgacha va boshlangʻich taʼlim yoʻnalishi boʻyicha bakalavrlarni tayyorlash xalqaro ilgʻor tajriba asosida amalga oshiriladi;

➖ tegishli oliy taʼlim tashkilotlarida oʻrta maxsus maʼlumotli pedagog kadrlar uchun dual taʼlim shaklida maktabgacha taʼlim yoʻnalishida toʻlov-shartnoma asosida bakalavrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi;

➖ yangi tashkil etilgan davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga, birinchi navbatda, oliy maʼlumotli tarbiyachilar ishga qabul qilinadi;

➖ 2026-yil 1-aprel boshlab:

➖ maktabgacha taʼlim qamrovi 80 foizdan past boʻlgan tuman (shahar)lardagi (Toshkent shahri bundan mustasno) tadbirkorlik subyektlari uchun qator imtiyozlar joriy etiladi.