Toshkent shahar kengashi deputati Husniddin Muhamedov Yunusobod tumanidagi 63-o‘rta maktabga tashrif buyurdi

Bugun Yunusobod tumanidagi 63-o‘rta maktab uchun haqiqiy bayram bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki Toshkent shahar kengashi deputati Husniddin Muhamedov va maktab direktorimiz Vahobova Rohila Eldorovnaning sa’yi harakatlari bilan maktabimizga 32 dan ziyod kompyuterlar sovg‘a qilindi. Bu o‘quvchilarimizning har tomonlama mukammal bilim olishlari uchun imkoniyat yaratildi degani. Xalq ta’limidan Gulchehra Shagiyosova va Xalq demokratik partiyasidan Husniddin Muhamedov va Nigora Eshmetovalar tashrif buyurishdi. 
Deputat Muhamedov Husniddin aka so‘zga chiqib, o‘zlari ham shu maktabni bitirganlari, hozirgacha sinfdoshlar uchrashib turishlarini aytib, bu maktabni bitirgan ko‘p sinfdoshlari hozirgi kunda xalq xo‘jaligining turli jabhalarida halol mehnat qilib, elda obro‘ qozonganlari to‘g‘risida aytib o‘tdilar. Nigora opa esa hozirgi kunda yoshlarga yaratilayotgan shart-sharoitlar, bu imkoniyatlardan unumli foydalanishsa kelajakda shu zalda o‘tirgan o‘quvchilardan o‘zlari tanlagan kasbning yetuk mutaxassislari yetishib chiqishi haqida hayajon bilan gapirdilar. Maktabimiz direktori Vahobova Rohila Eldorovna mahalla faoli, deputat Husniddin Muhamedovga maktab uchun 32 ta kompyuter olib berishdagi sa’yi harakatlari uchun tashakkur bildirdi. Maktabning 2”B”-sinf o‘quvchisi Shoxruxov Xorun al Rashid qo‘shiq aytib, yig‘ilganlarni xushnud etdi. Uning ijrosi shirali, harakatlari shu qadar erkin ediki, bu holat tashrif buyurgan mehmonlarni ham hayrat olamiga yetakladi. Shoira Muhayyo Mirsaidova o‘quvchilarni hozirgi globallashuv davrida, texnika asrida ular uchun hadya etilgan kompyuterlarni asrab-avaylashga chaqirdi va yangi she’rlaridan aytib berdi. Maktabning raqqosa qizlari ijrosidagi raqs tadbirga yanada joziba baxsh etdi. Yig‘ilish so‘ngida tashrif buyurgan mehmonlarga sovg‘alar ulashildi va yana bir bor deputat Husniddin Muhamedovga maktab ma’muriyati nomidan minnatdorchilik bildirildi.