Ekologiya va bola huquqi


Bugungi kunda ekologiya tahdidi bir tomondan hozirgi davrga xos global xatar hisoblansa, ikkinchi tomondan inson huquqi sohasidagi jiddiy muammo sanaladi. BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi tarixda ilk bor musaffo, sog‘lom va barqaror atrof muhitni inson huquqining uzviy qismi sifatida e’tirof etgani hamda bundan ikki yil oldin ayni yo‘nalishda Maxsus ma’ruzachi maqomini ta’sis qilgani xuddi shu omillar bilan izohlanadi.

Global ofat – “COVID-19” pandemiyasi tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha ko‘p tomonlama shartnoma, kelishuvlar, jumladan 2030 yilgacha mo‘ljallangan Kun tartibi, Parij bitimi kabi hujjatlarda davlatlar zimmasiga yuklangan majburiyat bajarilishiga jiddiy xalal bergani sir emas. Natijada aksariyat mamlakatlar ushbu yo‘nalishdagi vazifalar moliyalashtirilishi va bajarilishini zarur darajada ta’minlay olmayapti.
Markaziy Osiyo respublikalari ham iqlim o‘zgarishi va noqulay ob-havo hodisalari oldida zaif ekani sezildi. Hozir suv taqchilligi sabab ekinlarni sug‘orish imkoniyati cheklanib, bo‘lajak hosil boy berilmoqda. Bu, o‘z navbatida, oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishini xavf ostiga qo‘ymoqda.
Bu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 76-sessiyasidagi nutqida BMTning yangi ekologik siyosati asosini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bir qator tashabbuslarni ilgari surgani e’tiborga sazovor. Yangilanishlar talabidan kelib chiqib, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz tomonidan “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanadigan faollar safini “Ekologiya huquqi himoyachisi” nominatsiyasi hisobiga kengaytirish qarori qabul qilindi.
Sayyoramizdagi har bir bola va o‘smir toza, sog‘lom, barqaror atrof-muhitda yashashga haqli. Binobarin, “Zamin” fondi, YUNISEF kabi tuzilmalar tomonidan tashkil etilayotgan forumlarda tashvish bilan va asosli ravishda ta’kidlab kelinayotganidek, bunday huquq haqidagi ilhombaxsh gaplar va butun dunyodagi millionlab bolalar kundalik hayotida duch kelayotgan voqelik o‘rtasida katta tafovut mavjud.
Bugungi kunda ifloslangan havo har yili 600 mingdan ziyod bolaning hayotiga zomin bo‘lib, yuz millionlab bolani xavfsiz ichimlik suvi va to‘yib ovqatlanish imkoniyatidan mahrum qilyapti. Bolalar rivojlanish jarayoniga ziyon yetkazishi, hayotga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan qo‘rg‘oshin, simob kabi zaharli kimyoviy moddalar ta’sirini yaqqol sezmoqda.

Demak, BMT barcha davlatlarni bolalarni iqlim o‘zgarishi ta’siridan himoyalashga chaqirgani bejiz emas. Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mita yaqinda a’zo davlatlar uchun bolalarning atrof-muhitga nisbatan huquqini ta’minlashda nima qilish kerakligi haqidagi yo‘riqnomani e’lon qildi.
Joriy yil 28 avgustda e’lon qilingan “Iqlim o‘zgarishi masalasiga alohida e’tibor qaratgan holda, bolalar huquqi va atrof-muhit to‘g‘risidagi 26-sonli umumiy tartib sharhi” nomli mazkur yo‘riqnoma favqulodda iqlim o‘zgarishi, biologiya xilma-xilligi yo‘qolishi va atrof-muhit ifloslanishiga bag‘ishlangan. Bolalar hayoti va istiqbolini himoya qilish chora-tadbirlari belgilangan bu hujjat orqali davlatlar BMT Qo‘mitasiga bolalar ekologik huquqini himoya qilish bo‘yicha yutuqlar haqida vaqti-vaqti bilan hisobot berishi talab qilinadi.
Ya’ni, BMT Bola huquqi bo‘yicha qo‘mitasi birinchi marta Bola huquqi to‘g‘risidagi konvensiyaga binoan, a’zo davlatlar majburiyatini har tomonlama ifoda etish orqali bolalarning toza, sog‘lom va barqaror muhitga nisbatan huquqini bevosita tasdiqladi.
Shu nuqtai nazardan so‘nggi yillarda mamlakatimizda iqlim o‘zgarishi ta’sirini kamaytirish va iqlimga moslashish, “yashil” iqtisodiyotga o‘tish choralarini jadallashtirish, “yashil” va inklyuziv iqtisodiy o‘sish modelini targ‘ib qilishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.
Jumladan, Prezidentimizning 2019 yil 5 oktyabrdagi qarori bilan 2019-2030 yillarda O‘zbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga o‘tish strategiyasi tasdiqlangan. Ushbu hujjatning maqsadi yurtimizda “yashil” iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, “yashil” investitsiyani jalb qilish, ekologiya inqirozi salbiy ta’sirini yumshatishdir.
2021 yil noyabr oyida bo‘lib o‘tgan BMT Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi 26-yig‘ilishi (COR26)da O‘zbekiston Parij bitimi doirasida 2030 yilga qadar yalpi ichki mahsulot birligida issiqxona gazi emissiyasini 2010 yilgi ko‘rsatkichga nisbatan 35 foiz kamaytirish bo‘yicha qo‘shimcha majburiyatni zimmasiga olishi haqida bayonot berildi.

Yana bir muhim qadam: Prezident 2022 yil 2 dekabrda O‘zbekiston Respublikasining 2030 yilgacha “yashil” iqtisodiyotga o‘tishiga qaratilgan islohotlar samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Bundan ko‘zlangan maqsad 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirishdir.
Bu jarayonda, xususan, “yashil” iqtisodiyotga o‘tish strategiyasi doirasida “yashil” va inklyuziv iqtisodiy o‘sishni ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini oshirish ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish hamda iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida resurslarni tejash yuzasidan sa’y-harakat ko‘lamini yanada kengaytirishga e’tibor qaratilmoqda.
Qaror asosida belgilangan strategik maqsadlarga erishish uchun, birinchidan, 2030 yilgacha O‘zbekiston Respublikasida “yashil” iqtisodiyotga o‘tish va “yashil” o‘sishni ta’minlash dasturi, ikkinchidan Sanoat tarmog‘ida “yashil” iqtisodiyotga o‘tish va energiya tejamkorligini ta’minlash bo‘yicha konsepsiya, uchinchidan 2030 yilgacha O‘zbekiston Respublikasida “yashil” iqtisodiyotga o‘tish va “yashil” o‘sishni ta’minlashga qaratilgan harakatlar rejasi tasdiqlandi.
Mazkur hujjatlarda bolaning ekologik huquqini ta’minlash masalasi qay darajada aks etgan, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Bunga javoban, birgina hujjat – 2030 yilgacha O‘zbekiston Respublikasida “yashil” iqtisodiyotga o‘tish va “yashil” o‘sishni ta’minlash dasturidan misol keltiramiz.
Jumladan, “Yashil” iqtisodiyotga o‘tish davrida jiddiy ta’sir ostida qolishi ehtimoli majud aholi va shu insonlarning yashash joyini qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq ustuvor yo‘nalishlar ko‘rsatilgan ushbu дастур belgilangan yo‘nalishlarda ta’lim sifati va natijadorligini oshirishni ham qamrab olgan. Bu o‘rinda bolalar, yoshlar va ayollarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ular uchun inklyuziv ta’limni ta’minlash, sifat va qamrovni oshirish haqida so‘z bormoqda.
O‘z navbatida, mazkur dasturning “Yashil” o‘sish bo‘yicha salohiyatni oshirish va inson kapitalini rivojlantirishga oid ustuvor yo‘nalishlari qatorida ta’lim tashkilotlarining tegishli o‘quv rejasiga “yashil” iqtisodiyot mavzusini kiritish ko‘zda tutilmoqda. Bunda tegishli ta’lim tashkilotlarida mavjud fanlar doirasida “yashil” iqtisodiyot amaliyoti va tamoyiliga oid mavzularni kiritish vazifasi ham qo‘yilgan.
Bir oy avval O‘zbekiston bolalari va yoshlarini iqlim kun tartibiga jalb qilish bo‘yicha hujjat imzolangani ham dolzarb ahamiyatga ega. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi, Maktabgacha va maktab ta’limi hamda Yoshlar siyosati va sport vazirliklari tomonidan imzolangan ushbu hujjat “Barqaror rivojlanish madaniyatini ilgari surish va O‘zbekison bolalari va yoshlarini iqlim kun tartibiga jalb qilish bo‘yicha Milliy strategiya” hamda ushbu hujjat asosida qabul qilingan “Yo‘l xaritasi”dir.

Mazkur strategiya bolalar va yoshlarning iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashdagi rolini e’tirof etish, sohadagi faol ishtirokini ta’minlash, o‘quv jarayonida asosiy e’tiborni bilim berish bilan bog‘liq masalalarni o‘rganish va mavjud muammolarga yechim izlashga yo‘naltirishni nazarda tutadi.
Barqaror rivojlanish madaniyatini ilgari surish va O‘zbekiston bolalari va yoshlarini iqlim kun tartibiga jalb qilish bo‘yicha Milliy strategiyaнинг asosiy vazifalari quyidagicha:
“yashil” ta’limni ilgari surish bo‘yicha milliy siyosat va harakat rejasini ishlab chiqish hamda zarur o‘quv resurslarini yaratish;
bolalar va yoshlarning iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashdagi sa’y-harakatini qo‘llab-quvvatlash va faollashtirish uchun turli manfaatdor tomonlar o‘rtasida sheriklik munosabatini rivojlantirish, avlodlar o‘rtasidagi hamkorlikning muhim rolini e’tirof etish;
maktabgacha va maktab ta’limi muassasalarida “yashil” hamjamiyat yaratish.
Eng muhimi, ushbu strategiya “yashil” ta’lim va barqaror rivojlanish tizimini izchil shakllantirish uchun tayanch hujjat bo‘lib xizmat qilishi lozim. Bunda sifatli ekologik ta’limning asosiy tamoyili, ya’ni uzluksizlik, fanlararo bog‘liqlik, fundamentallik va komplekslik prinsiplari qayd etilgani alohida ahamiyatga molik.
Muxtasar aytganda, yurtdoshlarimiz iqlim o‘zgarishi zamonamizga jiddiy tahdid ekani, odamlar, ayniqsa yoshlar va bolalarning turmush sifatiga bevosita salbiy tas’sir ko‘rsatayotgani haqida yakdil fikrdaligi e’tiborga loyiq. Yanada muhimi, davlatimiz va jamiyatimiz ushbu muammoni kechiktirmasdan hal qilish uchun zarur choralar ko‘rish yo‘lidan izchil hamda dadil bormoqda.


G‘ulom MIRZO, O‘zA