Maktab ta’limi sifatini yaxshilash bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 26-yanvar kuni maktab ta’limi sifatini yaxshilash chora-tadbirlariga oid taqdimot bilan tanishdi.
Mamlakatimizda 10 ming 284 ta maktab bor. So‘nggi yillarda ulardagi sharoitlarni yaxshilash, o‘quvchi o‘rnini ko‘paytirish bo‘yicha ko‘p ishlar qilindi. Maktablarni yiliga o‘rtacha 400 ming o‘quvchi bitirayotgan bo‘lsa, ularning 170 ming nafari ta’limni davom ettirmoqda. Rivojlangan davlatlarda 50 foizdan ziyod bitiruvchilar professional ta’lim muassasasiga kiradi.
Hozirgacha 208 ta maktabning yuqori sinf o‘quvchilariga 3 ta yo‘nalish bo‘yicha kasbga o‘rgatish yo‘lga qo‘yildi. Chet tilini bilish sertifikatiga ega bo‘lgan maktab bitiruvchilari soni oxirgi ikki yilda 6 ming nafardan 18 mingga yetdi.
Shu bilan birga, bu ishlarni izchil davom ettirish zarur. Ta’lim sifatini oshirish uzluksiz jarayon.
Taqdimotda shu maqsaddagi chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Bugungi kunda hududlardagi 500 ta maktabda Prezident va ixtisoslashgan maktablarning baholash tizimi joriy etilgan. Natijada ilg‘or xorijiy tajriba asosida vaziyatni tahlil qilish, muammoni yechish, jamoada ishlash kabi amaliy mashg‘ulotlar ulushi 60 foizga yetkazilgan.
Kelgusi o‘quv yiliga qadar ushbu baholash tizimini xalqaro testologiya mezonlariga moslashtirish zarurligi aytildi. Maktablarning o‘zi ham akkreditatsiyadan o‘tkaziladi. Bu xalqaro baholash mezonlarini milliy tizimga joriy qilish, maktablarni boshqarish va ta’lim sifatini oshirishga xizmat qiladi.
Pedagoglarning bilim va mahorati masalasiga e’tibor qaratilar ekan, Malaka oshirish markazlari eskicha ishlayotgani, ilmiy salohiyati yuqori emasligi qayd etildi. Shu bois 14 ta hududdagi bunday markazlarni faoliyatini qayta ko‘rib chiqish, o‘qituvchilarni kasbiy rivojlantirish dasturlarini joriy etish vazifasi qo‘yildi.
Maktablarda xorijiy til bo‘yicha o‘quv dasturlarini takomillashtirish, oliy ta’lim muassasalarining o‘quv rejalarini bu bilan uyg‘unlashtirish zarur. Xorijiy tilni intensiv tarzda o‘rgatish amaliyotini ham kengaytirish lozim.
Ma’lumki, yurtimizda xususiy maktablarga imkoniyat berilgani natijasida ularning soni ko‘payib bormoqda. Bu davlat maktablariga yuklamani kamaytirish va sog‘lom raqobatga xizmat qilmoqda. Shu bois xususiy maktablar uchun litsenziya talablarini yanada soddalashtirish, kredit, soliq va kommunal to‘lovlardan qo‘shimcha yengilliklar berish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Mutasaddilarga ta’lim tashkilotlari faoliyati va ta’lim sifati monitoringi platformasini ishga tushirishga topshiriq berildi.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, ta’limning barcha bo‘g‘inlarida islohotlarni yagona konsepsiya asosida amalga oshirish bo‘yicha Loyiha ofisi tashkil qilinadi. U bog‘cha, maktab, kasbiy hamda oliy ta’limda o‘quv standarti va dasturlarini ilg‘or tajribalar asosida ishlab chiqishga mas’ul bo‘ladi.
Davlatimiz rahbari maktablar faoliyatida mahalla raisi va faollarining o‘rni katta bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.
– Mahalladagi muhit, aholi bandligi ko‘p jihatdan yoshlar ta’lim-tarbiyasiga bog‘liq. Shunday ekan, mahalla raisi ota-onalar bilan birga maktablar hayotida faol qatnashishi, yoshlarning bilimi va kasb egallashiga e’tiborli bo‘lishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Darhaqiqat, maktab masalasi faqatgina ta’lim sohasining emas, ota-onalar, mahalla faollari, butun jamiyatning ishi. Chunki maktab mamlakat kelajagining zamini. “Bir bolaga yetti mahalla ota-ona” degan maqol zamirida ham ayni shu haqiqat mujassam. Shunda ota-onalar ham o‘z farzandlari tarbiyasiga yanada e’tiborliroq bo‘ladi. Tobora globallashayotgan hozirgi zamonda bu juda muhim.
18.11.2024 / 08:21.Yunusobod tumanidagi 327-sonli umumta'lim maktabida O'zbekiston Respublikasi Davlat bayrog'ining 33 yilligiga bag'ishlab o'quvchilar o'rtasida "Zakovat" intellektual o'yini bo'lib o'tdi
04.11.2024 / 09:24.Rossiyalik delеgatsiya vakillari Toshkent shahridagi 5-maktabda boʻldi
25.10.2024 / 10:16.239-sonli umumta'lim maktabi pedagoglar jamoasi va o'quvchilari ham “Milliy liboslar kuni” tadbirlarida faol ishtirok etishmoqda