Maktablar va oliy o‘quv yurtlarining uzviy hamkorligini ta’minlash bo‘yicha zarur vazifalar belgilab olindi


Bugun Maktabgacha va maktab ta’limi tizimidagi Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti Kuzatuv Kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. 
Unda vazir Hilola Umarova, universitet rektori Abdug‘affor Qirg‘izboyev, Kengash a’zolari hamda professor-o‘qituvchilar ishtirok etdi.
Tadbirda so‘z olgan vazir Hilola Umarova ta’lim sifatini oshirish va sohani bilimli va zamonaviy fikrlaydigan pedagog kadrlar bilan ta’minlashda mazkur o‘quv maskanining o‘rni va ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Xususan, o‘quvchilar va ota-onalar bilan hamohang ravishda ta’lim-tarbiya olib boradigan o‘qituvchilar jamoasini shakllantirishda bugun oliy ta’lim maskanlarida talabalarga berilayotgan bilimning dolzarb va muhim ekanligini tilga oldi.
Shu ma’noda bugungi kunda maktablar va oliy o‘quv yurtlarining uzviy hamkorligini ta’minlash, sifatli ta’lim sharoitlarini yaratishda ikki bo‘g‘inning asosiy hamohang jihatlari sanab o‘tildi.
Ta’kidlanganidek, Davlatimiz rahbari tomonidan pedagog kadrlarni tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha pedagogika oliy ta’lim muassasalari xususan, mamlakatdagi eng yirik pedagogika oliy o‘quv yurti bo‘lgan Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika  universitetiga ham aniq vazifalar qo‘yilgan.
Mazkur vazifalarni amalga oshirish maqsadida universitetga katta ishonch bildirilib, yetakchi oliy ta’lim muassasasi etib belgilangan.
Yig‘ilish davomida universitet mas’ullarining bu boradagi kelgusi ish rejalari atroflicha muhokama etildi.