O‘quvchilarinng darslardagi ishtiroki va ta’lim-tarbiyasini tashkil etishga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi


Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida umumta’lim maktab o‘quvchilarining darslardagi ishtiroki va ta’lim-tarbiyasini tashkil etishda ota-onalar va mahalla faollari hamkorligi masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Milliy gvardiya mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek,  Davlatimiz rahbari boshchiligida joriy yilning 5 fevral kuni o‘tkazilgan ijtimoiy sohadagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilishda maktablardagi inspektor-psixologlar shtati Ichki ishlar vazirligidan Milliy gvardiya tizimiga o‘tkazildi.
Inspektor-psixologlarning asosiy vazifasi, o‘quvchilarning ta’lim-tarbiyasini tashkil etishda maktab jamoalariga yaqindan ko‘maklashish, muntazam dars qoldiruvchi o‘quvchilarning ota-onalari bilan ishlashdan iborat.
Shu maqsadda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Milliy gvardiya hamkorligida maxsus Ishchi guruh tuzildi hamda bu borada kelgusida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ishlar belgilab olindi.
Xususan, endilikda maktab direktorlarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar, Chaqiriqqa qadar yoshlarni tayyorlash bo‘yicha o‘rinbosarlari, psixolog va sinf rahbarlarining o‘quvchilar ma’naviyatini yuksaltirish va darslardagi ishtiroki, ta’lim-tarbiya ishlarini hamohang tashkil etishga doir mas’uliyati yanada oshiriladi. Ota-onalar va mahalla faollari ishtirokidagi “maktab — ota-ona — mahalla” hamkorligi uzviy tashkil etiladi.
Shu maqsadda o‘quvchilarning darsda ishtirok etish ko‘rsatkichlari haqqoniyligini ta’minlash uchun e.maktab elektron kundalikka o‘qituvchilar va sinf rahbarlari tomonidan o‘z vaqtida qaydlar kiritib boriladi.
Yurtimizdagi maktablar mas’ullari tomonidan o‘quvchilarning yashash manzillariga tezkor ravishda “Ogohlantirish xati” yetkazish amaliyoti joriy etilmoqda. Bu orqali darsda ishtirok etmayotgan o‘quvchilarning oila a’zolarining mas’uli va javobgarligi ham oshirish maqsad qilingan.
Ushbu “Ogohlantirish xati”da ota-onalarning o‘z farzandlarini maktabga borishlarini ta’minlash mas’uliyatini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi MJKning 47-moddasining mazmun-mohiyati tushuntirib o‘tilgan.
Jumladan, farzandlarini tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarini bajarmaslik, bolalarning majburiy umumiy o‘rta ta’lim olishiga to‘sqinlik qilish oqibatlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining tegishli moddasiga asosan qonuniy jazo choralari keltirib o‘tilgan.
Mazkur vazifalarni amalga oshirish uchun har bir maktabga Milliy gvardiya ofiserlari biriktirildi.
Ma’lumot uchun:
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 77-moddasida:
ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘z farzandlarini voyaga yetguniga qadar boqishi, ularning tarbiyasi, ta’lim olishi, sog‘lom, to‘laqonli va har tomonlama kamol topishi xususida g‘amxo‘rlik qilishga majbur ekanliklari;
O‘zbekiston Respublikasining "Ta’lim to‘g‘risida"gi Qonunining 51-moddasida:
voyaga yetmagan ta’lim oluvchilarning ota-onasi va boshqa qonuniy vakillari bolalarining umumiy o‘rta, o‘rta maxsus ta’lim yoki boshlang‘ich professional ta’lim olishini ta’minlashi shart ekanligi keltirib o‘tilgan.
O‘quvchilarning darsga kelmaganlik sabablarini aniqlash uchun mahalla raisi, yoshlar yetakchisi, inspektor-psixolog va boshqa mas’ul shaxslar o‘rtasida “xabar berish va tekshirish” tizimi joriy qilinmoqda.
Haftada kamida bir marotaba Milliy gvardiya, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi vakillari ishtirokida bolalarning ma’naviyati, tarbiyasi va davomati bo‘yicha mahalla raislarining ota-onalar bilan uchrashuvlarini o‘tkazish amaliyoti joriy etilmoqda.
O‘quvchilarning darsda muntazam ishtirokini ta’minlash, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun to‘garak va mashg‘ulotlarni ko‘paytirish, ushbu jarayonlarga ota-onalar va hududdagi faol fuqarolarni keng jalb etish bo‘yicha boshqa qator vazifalar belgilangan.
Tadbir so‘nggida jurnalistlarning mavzuga oid savollariga mutasaddilar tomonidan atroflicha javob berib o‘tildi.