Boks bo‘yicha Bahodir Jalolov maktabi ochildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 5-mart kuni Toshkent shahrida barpo etilgan Boks bo‘yicha Bahodir Jalolov sport mahorati maktabini borib ko‘rdi. Olimpiada va Osiyo o‘yinlari g‘olibi, ikki karra jahon va uch karra Osiyo chempioni Bahodir Jalolov O‘zbekiston sportining bayroqdori hisoblanadi. U keyingi yillarda professional boksda ham muvaffaqiyatli qatnashib kelmoqda.
Yurtimizda bunday chempionlar faoliyatini targ‘ib qilish, ularning namunasida yosh sportchilarni tarbiyalashga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2022-yil 14-martdagi qaroriga muvofiq, shunday yana bir maskan – Boks bo‘yicha Bahodir Jalolov sport mahorati maktabi tashkil etildi.
Bu yerda xalqaro darajadagi bokschilarni tayyorlash, buning uchun yuqori malakali murabbiy va mutaxassislarni jalb etish, o‘quv-mashg‘ulotlarni xalqaro standartlar darajasida tashkil qilish hamda ilg‘or tajribalar asosida uning sifatini oshirib borish yo‘lga qo‘yilmoqda.
To‘rt qavatli zamonaviy binoda buning uchun barcha sharoit yaratilgan. Birinchi qavatda asosiy sport zali, suzish havzasi, tibbiyot xonasi va oshxona bor. Ikkinchi qavatda psixologiya, xorijiy tillar, nazariy mashg‘ulotlar, informatika va o‘qituvchilar xonalari, shuningdek, 45 o‘rinli mehmonxona joylashgan. Uchinchi va to‘rtinchi qavatlarda 235 o‘rinli yotoqxona, ma’naviyat xonasi tashkil etilgan. Shuningdek, bino yerto‘lasida avtoturargoh qurilgan.
Boks maktabi 175 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, 5-11-sinflarga har yili 25 nafardan o‘quvchi saralab olinadi. Ilk iqtidorlar 2022-yilgi o‘quv yilida qabul qilingan va bugungi kunda 50 nafar o‘quvchi saboq olmoqda. Ular butun mamlakatimizdan kelgan talabgorlar orasidan saralab olingan.
Bu maskan Yunusobod tumanidagi 259-umumta’lim maktabi bilan yonma-yon joylashgan. Yosh bokschilar umumta’lim fanlarini shu yerda o‘qishadi.
Bahodir Jalolov sport mahorati maktabi o‘quvchilari 2023-yilda xalqaro va respublika musobaqalarida 26 ta oltin, 18 ta kumush, 15 ta bronza medalni qo‘lga kiritgan. Bu yil ham qator turnirlarda ishtirok etish rejalashtirilgan.
Maktab butun mamlakatimiz yosh bokschilari uchun o‘quv-mashg‘ulot bazasi bo‘ladi. Yosh istiqbolli bokschilarni tanlash va tarbiyalash bo‘yicha boshqa sport maktablari va markazlari bilan hamkorlik qilib boradi.
Shu bois maktabda yosh sportchilar, soha mutasaddilari bilan muloqot bo‘ldi. Muloqotga videoaloqa orqali hududlar ham ulandi.
– Biz bu yilni Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili, deb e’lon qildik. Har doim ham bu masalaga alohida e’tibor qaratib, yoshlarga kerakli sharoitlarni yaratayapmiz. Ularning salohiyati, intilishi kuchli. Boks bo‘yicha dunyoda yetakchilar qatoridamiz. Bu salohiyatni, iqtidorli yoshlarimizni rivojlantirish maqsadida shu maktabni tashkil etdik. Endi Bahodir Jalolov maktabi o‘z yo‘nalishida xuddi Prezident maktabidek namunaviy tizim bo‘ladi. Boks metodologiyasi, diyetologiyasi, tibbiyoti, psixologiyasi hududlardagi sport maktablarida ham rivojlantiriladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev. Viloyat hokimlariga sport federatsiyalari bilan hamkorlikni yaxshilash, hududlarda ularning ishiga ko‘maklashish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Yoshlar o‘rtasida sportni yanada ommalashtirish, xususan, ularni boksga jalb etish, buning uchun maktab va to‘garaklarda sharoitlarni kengaytirish zarurligi ta’kidlandi.
18.11.2024 / 08:21.Yunusobod tumanidagi 327-sonli umumta'lim maktabida O'zbekiston Respublikasi Davlat bayrog'ining 33 yilligiga bag'ishlab o'quvchilar o'rtasida "Zakovat" intellektual o'yini bo'lib o'tdi
04.11.2024 / 09:24.Rossiyalik delеgatsiya vakillari Toshkent shahridagi 5-maktabda boʻldi
25.10.2024 / 10:16.239-sonli umumta'lim maktabi pedagoglar jamoasi va o'quvchilari ham “Milliy liboslar kuni” tadbirlarida faol ishtirok etishmoqda