Ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha rejalar taqdimot qilindi


Prezident Shavkat Mirziyoyev maktab ta’limini rivojlantirish va sifatini oshirishga oid rejalar taqdimoti bilan tanishdi. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ta’lim tizimi islohotlari eng birinchi vazifa etib belgilangan. Shunga muvofiq, bu soha ham umumiy, ham ixtisoslashtirilgan tarzda rivojlantirilmoqda. Jumladan, yurtimizda 14 ta Prezident maktabi, 9 ta ijod maktabi va 182 ta ixtisoslashtirilgan maktab faoliyat yuritmoqda.
O‘tgan yillardagi tajriba va hayot talabidan kelib chiqib, ulardagi yo‘nalishlarni takomillashtirish nazarda tutilmoqda. Xususan, Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda Myunxen texnika universiteti bilan hamkorlikda, tajriba tariqasida, muhandislik dasturlarini joriy qilish taklif etilmoqda. Bu dastur “Yangi O‘zbekiston” universiteti dasturi bilan integratsiya qilinadi.
Yuqori malakali pedagoglar imkoniyatlaridan keng foydalanish maqsadida Prezident ta’lim muassasalari agentligi huzurida jamoatchilik asosida “Fan kengashlari” tuziladi. Bu kengashlar ta’lim dasturlarini ishlab chiqish, baholash tizimini takomillashtirish, o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini oshirishga jalb qilinadi.
Kelgusi o‘quv yilidan 14 ta maktabda fanlarni ingliz tilida o‘qitishni yo‘lga qo‘yish, 2025-2026-yillarda 8 ta yangi ixtisoslashgan maktab qurish rejalari ham bayon etildi.
Ijod maktablari bo‘yicha ham takliflar bor. Jumladan, ularda taniqli adiblar va jamoat arboblari ishtirokida mahorat darslari tashkil etiladi. O‘quvchilarning ijodiy ishlarini Yozuvchilar uyushmasi hisobidan nashr etish yo‘lga qo‘yiladi. Turli ko‘rik-tanlovlar o‘tkazish orqali iqtidorli yoshlar qo‘llab-quvvatlanadi.
Ta’lim sifatini oshirishda fan olimpiadalari muhim. So‘nggi yillarda g‘oliblarni munosib rag‘batlantirish tizimi joriy etilgani natijasida bilimga intilish kuchaydi. Talabgor o‘quvchilar, “katta beshlik” fan olimpiadalarida qo‘lga kiritilgan medallar avvalgiga nisbatan ikki baravar ko‘paydi. Mamlakatimizda Al-Farg‘oniy, Beruniy, Mendeleyev nomidagi xalqaro olimpiadalar o‘tkazildi.
Bu ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida O‘quvchilarni fan olimpiadalariga tayyorlash markazi tashkil etish taklif qilinmoqda. Unga yetuk olimlar va xorijiy mutaxassislar jalb etiladi, o‘quvchilarning har biri rivojlanish dasturi orqali maqsadli tayyorlanadi.
Ishtirokchilarning xalqaro olimpiadalardagi yakuniy natijalaridan kelib chiqib, terma jamoa yetakchisini rag‘batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Barcha fan olimpiadalarini aks ettiradigan yagona olimpiadalar taqvimi va tayyorgarlik tizimi yaratiladi. Asosiy mashg‘ulotlar bilan birga psixologik treninglar, boshqa jamoalar bilan qo‘shma yig‘inlar o‘tkaziladi.
Taqdimotda o‘quvchilar bilimini baholashning shaffof va xolis tizimini joriy qilish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Hozirda bilimning bahosi turli maktablarda turlicha. Imtihon varaqalaridagi savollar darajasi ham har xil. Xalqaro testologiya talablariga ko‘ra, hamma variantlardagi savollarning qiyinlik darajasi teng bo‘lishi kerak.
Shu bois davlat yakuniy attestatsiyasida, ya’ni maktabni bitirish imtihonlarida o‘quvchilarning bilimini yagona nazorat materiallari asosida baholash taklif etilmoqda. Imtihon topshiriqlari yozma va amaliy shaklga o‘tkaziladi, javoblarni maxsus platforma orqali tekshirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi, savollar doimiy ravishda yangilanib boriladi.
Yana bir muhim yangilik – maktabni bitirish imtihonlarida oliy ta’lim muassasasiga kirish sinovlariga mos fanni tanlash imkoniyati yaratiladi. Davlatimiz rahbari umumiy o‘rta ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish, uning oliy ta’lim bilan mutanosibligini mustahkamlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Taqdimotda ta’lim va boshqa sohalarda madaniyatni keng yoyish masalalariga ham e’tibor qaratildi. Yosh avlodda san’atga mehrni maktab va oliygohdan boshlab shakllantirish zarurligi ta’kidlandi.
Shu maqsadda ijod maktablarida “Tasviriy san’at va chizmachilik” fani o‘rniga “San’at” fani kiritish taklif etilmoqda. Bunda faqat rasm chizish emas, balki rangtasvir, hunarmandchilik, kinematografiya, haykaltaroshlik va dizaynga oid ko‘nikmalar o‘rgatiladi. Oliy o‘quv yurtlarida bu bo‘yicha maslahatchi tizimini Madaniyat vazirligi bilan bog‘lab, maqom, baxshichilik, teatr meroslarini yoshlarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Shuningdek, yirik korxonalar va klasterlar qoshida ansambllar tuzilib, mahallalarda konsertlar, maktablarda madaniyat kunlari tashkil etilishi belgilandi.